Muhtaram ustozlar va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan “Mash’al” futbol klubi nomidan samimiy muborakbod etamiz!
Yosh avlodni bilimli, ma’rifatli, vatanparvar va barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qalbida ezgu maqsadlar va katta orzularni shakllantirishdek sharafli vazifada sizlarning mehnatingiz beqiyosdir.
Ayniqsa, futbolda murabbiylarning o‘rni alohida. Har bir futbolchining maydondagi mahorati ortida murabbiyning bilimi, tajribasi, sabri va mashaqqatli mehnati mujassam. Yangi avlod futbolchilarini tarbiyalash, ularga nafaqat sport sirlarini, balki intizom, iroda va jamoaviylikni o‘rgatishda murabbiylar muhim o‘rin tutadi.
Yurtimizda qancha ko‘p fidoyi va malakali murabbiylar faoliyat olib borsa, o‘zbek futbolining kelajagi shunchalik porloq bo‘ladi. Zero, bugungi yosh futbolchi — ertangi kunning yetuk sportchisi va mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan vakilidir.
Shu qutlug‘ ayyomda “Mash’al” futbol klubi nomidan barcha ustoz va murabbiylarni, xususan, ta’lim va sport sohasida fidokorona mehnat qilayotgan zahmatkash insonlarni chin qalbimizdan tabriklaymiz.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xotirjamlik, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tilaymiz!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!
