1 iyun kuni “Mash’al” futbol klubi hududida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan yorqin va xotirali futbol festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Mash’al” akademiyasi tomonidan bolalarga bayramona kayfiyat ulashish, ularni futbolga qiziqtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida uyushtirildi.
Festivalda klub texnik direktori Dilyaver Vaniev hamda akademiya direktori Ildar Sakaev boshchiligidagi tajribali murabbiylar, shuningdek klubning mashhur futbolchilari – Sherzod Fayziev, Anvar Murodov hamda jamoamizning Ganalik legioneri Salifu Mudasiru faol ishtirok etdilar. Ular bolalar bilan yaqindan muloqot qilishdi, futbol mashg‘ulotlari o‘tkazishdi hamda mahorat darslari orqali o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbir jarayonida bolalar uchun turli o‘yinlar, savol-javoblar, mini musobaqalar va esdalik sovg‘alari tashkil etildi. Quvonch va tabassumlarga to‘la ushbu festivalda qatnashgan bolalar uchun unutilmas taassurotlar hadya etildi.
“Mash’al” klubi rahbariyati bolalarga juda katta e’tibor qaratib kelmoqda. Klub nafaqat futbolchilar tayyorlash, balki yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol qilib tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bunday tashabbuslar "Mash’al" klubi rahbariyati tomonidan muntazam davom ettirib kelinmoqda va bu kelajak avlod uchun mustahkam poydevor yaratadi