Muborakning “Mash’al” klubi yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan holda, yana bir quvonarli yangilikka imzo chekdi. Yaqinda U-19 jamoasi safida o‘zini ko‘rsata olgan ikki iqtidorli futbolchi — 19 yoshli yarim himoyachi Axrorjon Rahimov va 18 yoshli himoyachi Normurod Ko‘charov o‘z mehnatlari va tajribalari evaziga “Mash’al” U-21 jamoasiga ko‘tarilishdi.
Ikki yosh futbolchi klub rahbariyati ishonchiga sazovor bo‘lib, ular bilan uch yillik professional shartnoma imzolandi. Bu, albatta, yoshlar uchun katta rag‘bat va yanada yaxshi o‘yin namoyish etishga turtki bo‘ladi.
Shuningdek, hujum chizig‘ida faoliyat yuritadigan istiqbolli futbolchi Elnurbek Saitmuratov ham “Mash’al” klubi bilan uch yillik shartnoma imzolab, jamoa safini yanada mustahkamladi.
Bu qadam “Mash’al” klubining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga imkoniyat yaratishda qat’iyatli ekanini yana bir bor isbotlaydi. Kelajakda ushbu futbolchilardan katta umidlar qilinmoqda.