«Mash’al» U19 jamoamiz uchun mavsum yakunlandi: Barchasi uchun rahmat, yigitlar!

18.11.2026

Bugun «Mash’al» U19 jamoasi uchun 2026 yilgi futbol mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi.

Mavsum davomida akademiyamiz tarbiyalanuvchilari o‘zlarining mahorati, shijoati va matonatini namoyon etib, 30 ta jamoa ishtirok etgan musobaqada faxrli 4-o‘rinni egallashdi. Yigitlarimiz har bir uchrashuvda so‘nggi daqiqalarga qadar kurash olib borib, muxlislarga hayajonli lahzalar, esda qolarli g‘alabalar va ajoyib kambeklarni taqdim etishdi. Maydondagi g‘ayrat, jamoaviylik va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq ularning kelajagi porloq ekanidan darak berdi. Ushbu sermazmun mavsumdagi mehnatlari va fidoyiliklari uchun bosh murabbiy Dilshod Andaev boshchiligidagi murabbiylar shtabiga, barcha futbolchilarga hamda jamoa faoliyatiga hissa qo‘shgan klub xodimlariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Rahmat sizlarga, yigitlar! Sizlar butun mavsum davomida «Mash’al» nomi uchun munosib kurashdingiz!

Ishonamizki, bu natija kelgusi yutuqlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Oldinda yangi mavsum, yangi maqsadlar va yangi marralar turibdi.

«Mash’al» akademiyasi kelgusida ham o‘zbek futboli uchun iqtidorli futbolchilarni tarbiyalashda davom etadi. Zero, bugungi yoshlar — ertangi asosiy jamoamizning tayanchi!