Muborakning «Mash’al» futbol klubi yozgi transferlar davrida tarkibini yana bir tajribali himoyachi bilan kuchaytirdi. Jamoa serbiyalik markaziy himoyachi Straxinya Boshnyak bilan 2026 yil mavsumi yakuniga qadar amal qiladigan shartnoma imzoladi.
27 yoshli futbolchi 1999 yil 18 fevralda Serbiyaning Kralevo shahrida tug‘ilgan. U 1,84 metr bo‘yga ega bo‘lib, chap oyoqda o‘ynaydi. Asosiy pozitsiyasi — markaziy himoyachi. Straxinya Serbiya va Bosniya va Gersegovina fuqaroligiga ega.
Boshnyak futbolchilik faoliyatini OFK «Belgrad» akademiyasida boshlagan, keyinchalik Serbiyaning mashhur «Partizan» akademiyasida tahsil olgan. Katta futbolda esa «Partizan», «Vojdovas», «Jarkovo», «Radnichki» (Sremska Mitrovitsa), Italiyaning «Gravina» hamda so‘nggi marta Serbiyaning «Dubochitsa» (Leskovas) klublari safida to‘p surgan.
Himoyachi Serbiyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida ham muntazam o‘ynagan. U U-16, U-17, U-18 va U-19 jamoalarida jami 40 dan ortiq uchrashuvda ishtirok etgan, U-21 terma jamoasi safida esa bitta rasmiy o‘yinda maydonga tushgan.
Klub rahbariyati tajribali va chap oyoqda ishonchli harakat qiladigan markaziy himoyachining kelishi jamoa himoya chizig‘ida raqobatni yanada kuchaytirishi hamda «Mash’al»ning mavsum oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarishida muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirmoqda.
«Mash’al» futbol klubi Straxinya Boshnyakni jamoamiz safiga qutlaydi va unga Muborakda omadli faoliyat, muvaffaqiyatli o‘yinlar tilaydi!
