Muborak shahri markazida barpo etilgan va hozirgi kunda yurtimizdagi muhim sport inshootlaridan biriga aylangan stadion qurilishi ortida mehnatkash insonlar, saxovatli homiylar va jonkuya sport ixlosmandlarining ulkan hissasi mujassam.
Ushbu loyiha asoschisi — Bahrom Vafoev bo‘lib, uning tashabbusi va g‘oyasi asosida stadion qurilishiga kirishildi. Bahrom aka nafaqat stadion binosini tashkil etish, balki uni keng omma uchun ochiq, qulay va zamonaviy infratuzilmaga ega holda barpo etishni maqsad qilgan edilar.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Muborak gaz ishlab chiqarish boshqarmasi hamda boshqa mahalliy korxonalar, jamoat tashkilotlari va yuzlab hashar ishtirokchilari ko‘magida ushbu ulkan qurilish ishlari amalga oshirildi. Odamlar yurakdan, ehson qilib, hashar yo‘li bilan stadion qurilishida ishtirok etdilar.
Qisqa vaqt ichida zamonaviy talablarga javob beradigan, 10 000 tomoshabinga mo‘ljallangan stadion qurib bitkazildi. U nafaqat futbol uchrashuvlari, balki turli sport musobaqalari va ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan markazga aylandi.
Stadionga uning asoschisi — marhum Bahrom Vafoev nomi berildi. Bu — uning Muborak sporti rivoji yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etish va xotirasini abadiylashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Hozirgi kunda Bahrom Vafoev nomidagi stadion Muborak yoshlari sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda va kelajak chempionlari uchun zamin yaratmoqda.