Bahrom Vafoevning tug‘ilgan kuni

05.02.2025

Bugun biz katta hurmat va ehtirom bilan eslaydigan kun. Muborak futbolida yangi davrni boshlab bergan, yorug‘ xotirasi abadiy yashaydigan afsonaviy inson – Bahrom Vafoev tavallud topgan kun.

U hayot bo‘lganida bugun 72 yoshga to‘lgan bo‘lar edi. Afsuski, qismat uni 34 yoshida oramizdan olib ketdi, ammo uning nomi, jasorati va futbolga qo‘shgan hissasi hamisha yodimizda qoladi.

Bahrom Vafoev futbolimiz ravnaqi uchun beqiyos xizmat qilgan, tinim bilmas mehnati va sadoqati bilan Muborak futboliga yangi nafas, yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilgan. Shu boisdan, u kishining nomi har bir "Mash’al" uchrashuvlarida, muxlislar orasida sharaf bilan tilga olinadi. Buning ifodasi sifatida markaziy stadionimizga uning nomi berilgan.

Bahrom Vafoevning xotirasi futbolimiz tarixida va yurtdoshlarimiz qalbida hamisha yashaydi. U kishi haqiqiy vatanparvar, mehnatsevar va teran fikrli inson edi. 
Uning mehnatlari va orzulari “Mash’al” orqali davom etadi.

Muborakning o‘lmas farzandi – siz hamon biz bilansiz! 

Oxiratingiz obod bo‘lsin!