Mash’al akademiyasi tarbiyalanuvchilari O‘FA birinchiligida munosib qatnashmoqda

18.09.2026

Mash’al” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari mamlakatimizda yosh futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘FA Birinchiligi bahslarida munosib ishtirok etib, o‘zlarining salohiyati va futbolga bo‘lgan ishtiyoqini namoyon etmoqda.

Musobaqada akademiyamizning U-13, U-14 va U-15 jamoalari ishtirok etmoqda. Yosh futbolchilar har bir uchrashuvda maydonga katta ishonch, intilish va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq bilan tushib, “Mash’al” akademiyasida olib borilayotgan futbol ta’limi va tarbiya jarayonining samaralarini ko‘rsatib kelmoqda.

Ayniqsa, yosh avlod vakillarining texnik va taktik mahoratini oshirish, jamoaviy futbol tamoyillarini shakllantirish hamda ularni kelgusida “Mash’al”ning asosiy jamoasi uchun munosib futbolchilar etib tarbiyalash akademiyamiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi kunda “Mash’al” akademiyasi yosh va iqtidorli futbolchilarni kashf etish, ularni professional futbolga tayyorlash va klubning kelajagini o‘z tarbiyalanuvchilari bilan ta’minlash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.

O‘FA Birinchiligidagi bahslar esa yosh futbolchilarimiz uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Har bir uchrashuv ularning mahoratini yanada oshirish, raqobat muhitida chiniqish va professional futbol sari dadil qadam tashlashlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

“Mash’al” futbol klubi akademiyasi — kelajak futbolchilari kamol topadigan maskan!

Akademiyamiz jamoalarining O‘FA Birinchiligidagi natijalari va musobaqadagi ishtiroki haqida batafsil ma’lumotlarni keyingi materiallarimizda taqdim etamiz.