“Mash’al” futbol klubi akademiyasi tarbiyalanuvchilari UFA birinchiligida munosib ishtirok etib, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etmoqda. U13, U14, U15 va U16 yosh toifalaridagi jamoalar musobaqalar davomida faol qatnashib, tajriba to‘plash bilan birga raqobatbardosh o‘yin namoyish etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan tizimli tayyorgarlik jarayoni yosh futbolchilarning jismoniy va texnik jihatdan o‘sishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Natijada, “Mash’al” yoshlari maydonda intizomli va jamoaviy o‘yin ko‘rsatib, har bir uchrashuvda o‘z imkoniyatlarini namoyon etyapti.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Milliy Banki bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik akademiya faoliyatida muhim o‘rin tutdi. Ushbu davr mobaynida yoshlar jamoalari turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, qator sovrindorlik natijalariga erishdi.
Ayni paytda, akademiya faoliyatini yanada rivojlantirish va erishilgan natijalarni mustahkamlash uchun ushbu hamkorlikni qayta tiklash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston Milliy Banki tomonidan “Mash’al” futbol klubiga xomiylikning qayta yo‘lga qo‘yilishi yoshlar tayyorgarligi sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, yetarli qo‘llab-quvvatlov va barqaror sharoitlar yaratilgan taqdirda, “Mash’al” akademiyasi kelgusida milliy futbol uchun yangi iste’dodlarni yetkazib berishda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlaydi.



