"Mash’al" akademiyasida monitoring ishlari amalga oshirildi

15.09.2025

"Mash’al" klubida yoshlar futboli va tarbiya jarayonlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda klubning texnik direktori Dilyaver Vaniev hamda akademiya direktori Ildar Sakaevlar U21 va U19 jamoalari shuningdek akademiya tarbiyalanuvchilarining mashg‘ulot jarayonlarini monitoringdan o‘tkazishdi.

Tadbir davomida jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot dasturlari, futbolchilarning jismoniy holati va tayyorgarlik darajasi atroflicha o‘rganildi. Akademiya va yoshlar jamoalari murabbiylari bilan hamkorlikda fikr almashish, mashg‘ulot jarayonida qo‘llanayotgan usul va metodlarni tahlil qilish ishlari amalga oshirildi.

Monitoringdan maqsad – yosh futbolchilarning rivojlanishini nazorat qilish, ularning o‘sish dinamikasini kuzatish va asosiy jamoa uchun munosib zaxira tayyorlashdir. Shu bilan birga, murabbiylar ish uslubini yanada takomillashtirish, tajriba almashish va bir xil yo‘nalishda ish olib borish ham ko‘zda tutilgan.

"Mash’al" akademiyasi klubning kelajak poydevori hisoblanadi. Mazkur monitoring ishlari yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytiradi hamda ularning professional futbolchi sifatida shakllanishiga turtki bo‘ladi.