«Mash’al» futbol klubida hakamlik masalalari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi

03.10.2026

O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbariyati tomonidan Superliga klublari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish doirasida navbatdagi uchrashuv «Mash’al» futbol klubida tashkil etildi.

Unda klub rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida hakamlik faoliyati bo‘yicha bildirilgan e’tiroz va takliflar, Superliga hamda O‘zbekiston Kubogi uchrashuvlarida yuzaga kelgan bahsli vaziyatlar, shuningdek, VAR tizimi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot davomida jamoaning oldindagi uchrashuvlarga tayyorgarligi, hakamlik faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va klublar bilan aloqalarni mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, VAR tizimi bilan bog‘liq bahsli vaziyatlar yuzasidan e’tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda, klub vakillari O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mutaxassislari bilan birgalikda Toshkent shahridagi VAR markazida ushbu holatlarni tahlil qilish, VAR yozuvlarini tinglash hamda qabul qilingan qarorlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari ta’kidlandi.

Reja asosida Superliganing barcha jamoalari bilan navbatma-navbat ana shunday ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Markaz rahbariyati hududlarni bosqichma-bosqich aylanib, klub rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar va boshqa vakillar bilan yuzma-yuz uchrashib, hakamlik faoliyati, mavjud masalalar hamda o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashadi.