“Mash’al” jamoasi Toshkentda ikki nazorat uchrashuvi o‘tkazdi

28.07.2025

Ikkinchi davra uchun tayyorgarlikni davom ettirayotgan “Mash’al” jamoamiz Toshkent shahrida yig‘in o‘tkazdi va uning doirasida ikki nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.

Birinchi bahs Olmaliq shahrida OKMK jamoasiga qarshi o‘tkazildi. Yigitlarimiz ushbu uchrashuvda yuqori darajada harakat qilib, 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishishdi.

Ikkinchi uchrashuv esa Toshkentdagi “Lokomotiv” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Jangovar va murosasiz tarzda kechgan bellashuv 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.

Yig‘in davomida jamoamiz futbolchilari tibbiy ko‘rikdan ham to‘liq o‘tishdi. Bu esa ikkinchi davra oldidan jamoa holatini yanada aniqlashga xizmat qildi.

Ayni paytda “Mash’al” jamoasi Muborakda navbatdagi bahs – “Paxtakor”ga qarshi o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.