Muborakning «Mash’al» jamoasi ikkinchi davra oldidan tayyorgarlik ishlarini reja asosida olib bormoqda. Jamoaning yig‘ini 1-iyun kuni Muborak shahrida start oldi. Tayyorgarlikning dastlabki bosqichida murabbiylar shtabi tarkibni shakllantirish maqsadida bir qator yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazdi hamda jamoaning jismoniy va taktik tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratdi.
Yig‘inning keyingi bosqichi Toshkent shahrida davom ettirildi. U yerda «Mash’al» bir qator kuchli raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlarida ishtirok etib, turli taktik sxemalarni sinovdan o‘tkazdi hamda futbolchilarning o‘yin amaliyotini oshirishga erishdi.
Tayyorgarlik yig‘ini doirasida o‘tkazilgan nazorat uchrashuvlari quyidagicha yakunlandi:
- «Mash’al» – «BuxDU» — 1:1
- «Mash’al» – «G‘azalkent» — 2:2
- «Paxtakor» – «Mash’al» — 6:1
- «Lokomotiv» – «Mash’al» — 4:2
- «Bunyodkor» – «Mash’al» — 1:1
Nazorat bahslari davomida murabbiylar shtabi futbolchilarning imkoniyatlarini har tomonlama baholab, jamoaning yangi mavsum oldidan optimal tarkibini shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Uchrashuvlar natijalaridan ko‘ra, futbolchilarning funksional holati, o‘zaro hamjihatligi va taktik tayyorgarligini oshirish asosiy maqsad etib belgilangan.
Ayni paytda «Mash’al» o‘z tayyorgarligini Muborak shahrida davom ettirmoqda. Jamoa Muborakda mashg‘ulotlarni davom ettirar ekan, barcha tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Superligasi 12-turi doirasidagi muhim uchrashuvga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni «Mash’al» G‘uzorda «Qo‘qon-1912» jamoasini qabul qiladi. Bellashuv soat 20:00 da start oladi.