Yoshlarimiz uchun juda ahamiyatli bo‘lgan Toshkentdagi tayyorgarlik yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur yig‘in doirasida “Mash’al” U21 jamoasi ikki o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Birinchisi “Bunyodkor” U21 jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi va jamoamiz 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi bellashuv esa 1-liga vakili “Zomin” jamoasiga qarshi o‘tkazilib, 4:4 hisobida jangovor durang qayd etildi. Bu natijalar jamoamizning yaxshi sport formasi va hujumkor ruhda ekanligini namoyon etdi.
Yig‘in yakuniga yetgach, futbolchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar yosh futbolchilarning jismoniy holati va salomatligi qoniqarli darajada ekanligini ko‘rsatdi. Bu esa mashg‘ulotlarni yuqori tempda boshlash va chempionat bahslariga to‘liq tayyorgarlik ko‘rish imkonini yaratmoqda.
Endilikda jamoa o‘z bazasi – Muborakda mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Bugundan boshlab chempionatning ikkinchi davrasi uchun tayyorgarlik ishlariga start berildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2 avgust kuni U21 chempionati qaytadan start oladi. Ushbu tur doirasida “Mash’al” U21 jamoasi Muborakda “Paxtakor” U21 jamoasini qabul qiladi. Bellashuv “Bahrom Vafoev” nomidagi markaziy stadionda bo‘lib o‘tadi va muxlislarimizni qiziqarli to‘qnashuv kutmoqda.
Yoshlarimizga yangi davrada omad va zafarlar hamroh bo‘lsin!