“Mash’al”da iz qoldirgan sobiq himoyachi – Rajab Qilichov bilan uchrashuv

28.10.2025

Mash’al” futbol klubi tarixi davomida jamoa sharafini himoya qilgan ko‘plab munosib futbolchilar bor. Ulardan biri — Rajab Qilichov Sirojivich.

Rajab Qilichov 1961 yili tavallud topgan. 1984–1990 yillar davomida “Mash’al” jamoasi safida to‘p surib, jamoa sharafini mardlik va sadoqat bilan himoya qilgan. Himoyachi sifatidagi barqaror o‘yini, jamoadoshlarga bo‘lgan mehr va jonkuyarligi bilan u muxlislar yodida ezgu xotira sifatida muhrlanib qolgan.

Ayni paytda u Qirg‘izistonning Bishkek shahrida istiqomat qilib kelmoqda. Oradan qariyb 35 yil o‘tib, Rajab Qilichov yana Muborak shahriga — o‘zining sobiq jamoasi “Mash’al”ga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida u jamoa tarixidagi unutilmas lahzalarni esladi, yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi hamda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Bu uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘lanishni yana bir bor namoyon etdi. “Mash’al” klubi har doim o‘z tarixini, unga hissa qo‘shgan insonlarni ardoqlaydi.