Muborak futbolining zabardast asoschisi: Bahrom Vafoev xotirasiga

05.02.2026

Bugun — Muborak futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan, fidoiy va jasoratli inson, afsonaviy Bahrom Vafoev tavallud topgan kun.

 

Agar hayot bo‘lganlarida, bugun u kishi qutlug‘ 73 yoshni qarshilagan bo‘lar edilar. Taqdir hukmi bilan Bahrom Vafoev bor-yo‘g‘i 34 yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, shu qisqa vaqt ichida bir avlodga yetadigan ishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Uning nomi nafaqat Qashqadaryo, balki o‘zbek futboli solnomasiga oltin harflar bilan yozilgan.

Yangi davr boshlab bergan iroda sohibi
Bahrom Vafoev Muborakda futbolga yangi nafas olib kirgan, mahalliy iqtidorlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun tinim bilmay mehnat qilgan rahbar va tashkilotchi edi. Uning sa’y-harakatlari bilan shakllangan futbol an’analari bugungi "Mash’al" jamoasining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Mangulikka muhrlangan nom


Muborak markaziy stadionining Bahrom Vafoev nomi bilan atalishi — bu shunchaki nom emas, balki xalqning u kishiga bo‘lgan yuksak ehtiromi va cheksiz minnatdorchiligi ifodasidir. Har gal stadionda "Mash’al" madhiyasi yangraganda, muxlislar qalbida Bahrom Vafoevning yorug‘ siymosi gavdalanadi.

U kishi haqiqiy vatanparvar, o‘z kasbining fidoiysi va teran fikrli inson sifatida yodimizda qoldi. Uning orzulari bugun jamoaning g‘alabalarida, akademiyadan yetishib chiqayotgan yosh futbolchilarning muvaffaqiyatlarida yashamoqda.

 

Muborakning asl farzandi, xotirangiz qalblarda mangu yashaydi!

 

Oxiratingiz obod, joyingiz jannatdan bo‘lsin.