Muborakda yoshlar kelajagi uchun ochilgan imkoniyat eshiklari

26.07.2025

Muborak tumanida joylashgan "Mash’al" futbol klubi huzuridagi akademiyada har kuni yuraklarda orzu, ko‘zlarda intilish porlab turibdi. Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlar nafaqat futbol mahoratlarini oshirishga, balki sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan.

Dilshod Andaev boshchiligidagi tajribali murabbiylar bugungi kunda yuzlab bolalarga o‘z sir-asrorlarini, bilim va mahoratlarini berib kelishmoqda. Ular har bir bola kelajakda haqiqiy professional futbolchi bo‘lishi uchun bor kuch va mehnatlarini ayamay turishibdi.

Mashg‘ulotlarda Muborak tumanida istiqomat qiluvchi 300 dan ortiq bolajonlar faol ishtirok etib, o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon qilishmoqda. Bu esa, shubhasiz, Muborak yoshlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigining ochilishi demakdir.

"Mash’al" futbol klubi rahbariyatining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu akademiya – bu faqatgina futbol o‘rganish joyi emas, balki vatanparvar, intizomli va sog‘lom avlod tarbiyalash maskaniga aylangan.

Muborakdagi futbol muhiti yoshlarni ilhomlantirib, ularni katta maqsadlar sari yetaklamoqda. Bugungi sa’y-harakatlar ertangi O‘zbekiston futbolining poydevori bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.