Muborakning sharafli jamoasi — «Mash’al» PFK yangi mavsum arafasida murabbiylar shtabini yangiladi. Jamoa bosh murabbiyi sifatida tajribali mutaxassis Otabek Narzullaev tayinlandi.
Bungacha jamoaning bosh murabbiyi vazifasida faoliyat yuritib kelgan Asror Aliqulov esa klubning U21 jamoasiga rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Mazkur qaror klubning ichki tizimidagi ish samaradorligini oshirish, yoshlar va asosiy tarkib o‘rtasida uzviy bog‘liqlik yaratish maqsadida qabul qilindi.
Otabek Narzullaev futbolimizda yaxshi tanish shaxs hisoblanadi. Uning futbolga bo‘lgan yondashuvi, jamoa qurishdagi zamonaviy uslubi va intizomga tayangan mashg‘ulotlari futbol muhlislariga yaxshi ma’lum. U avval ham «Mash’al»ning turli yosh toifasidagi jamoalari bilan samarali ish olib borgan, kuchli murabbiylardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Jamoa bugungi kunda yangi mavsum uchun tayyorgarlik ishlarini jadal olib bormoqda. Otabek Narzullaev boshchiligida mashg‘ulotlar yanada yuqori intizom va professional darajada tashkil etilmoqda. Maqsad — yangi mavsumda klubning maqomi va natijalarini yaxshilash, muxlislar ishonchiga munosib jamoa ko‘rinishini ta’minlash.
«Mash’al» rahbariyati, murabbiylar va futbolchilar yangi mavsumda muxlislar ishonchini oqlashga, yuqori maqsadlar sari intilishga bel bog‘lagan.