Yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish ishlarini davom ettirayotgan Muborakning “Mash’al” jamoasi qishki transferlar oynasida navbatdagi transferni amalga oshirdi. Endilikda jamoamiz hujum chizig‘ini iqtidorli forvard Mahmud Jo‘raboyev to‘ldiradi.
Klub va futbolchi o‘rtasida ikki yillik shartnoma imzolandi. 22 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumni G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi safida o‘tkazdi. U mazkur mavsumda O‘zbekiston Superligasida 8 ta, O‘zbekiston Kubogi bahslarida esa 5 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Shuningdek, Mahmud Jo‘raboyev O‘zbekiston U18, U21 va U23 terma jamoalari safida ham to‘p surib, xalqaro darajada tajriba orttirgan.
Mahmud Jo‘raboyevning jamoaga qo‘shilishi “Mash’al”ning oldingi chizig‘ida raqobatni oshirish hamda hujumdagi imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan. Yosh va harakatchan forvard yangi mavsumda jamoamiz maqsadlari yo‘lida bor kuchini ishga solishi kutilmoqda.
“Mash’al” professional futbol klubi Mahmud Jo‘raboyevni jamoamiz safiga qo‘shilgani bilan tabriklaydi va unga klub safida muvaffaqiyatli o‘yinlar tilaydi.
https://www.transfermarkt.world/makhmud-jurabaev/profil/spieler/1061535
