Muborakning «Mash’al» futbol klubida tarkibni kuchaytirish ishlarini davom ettirmoqda. Jamoa o‘zbekistonlik himoyachilar Tohir To‘htasinov hamda Farrux Ibragimov bilan shartnoma imzoladi.
22 yoshli Tohir To‘htasinov asosan chap qanot himoyachisi sifatida harakat qiladi. U faoliyati davomida «So‘g‘diyona» sharafini himoya qilgan hamda O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi safida 4 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Tezkorligi, hujumga faol qo‘shilishi va qanotdagi ishonchli o‘yini bilan ajralib turadigan futbolchi «Mash’al» himoya chizig‘ida raqobatni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Farrux Ibragimov esa 1996 yil 15 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U markaziy himoyachi sifatida to‘p suradi, shuningdek, zaruratga qarab chap va o‘ng qanot himoyasida ham harakat qila oladi. Faoliyati davomida O‘zbekiston chempionatining bir qator jamoalari safida o‘ynab, Superliga va Pro-ligada boy tajriba to‘plagan. So‘nggi mavsumlarda esa «Xorazm» sharafini himoya qilib kelgan.
«Mash’al» futbol klubi Tohir To‘htasinov va Farrux Ibragimovni jamoamiz safiga qo‘shilgani bilan samimiy qutlaydi. Ularga Muborak klubi safida muvaffaqiyatli mavsum, omadli o‘yinlar, mustahkam sog‘liq va yorqin g‘alabalar tilaymiz!