Yoshlarimizdan yirik g‘alaba

04.11.2025

U21 chempionati 27-turidan o‘rin olgan uchrashuvda Bahodir Murtozaev boshchiligidagi “Mash’al U21” jamoasi o‘z maydonida “Qo‘qon-1912” yoshlarini ishonchli tarzda mag‘lub etdi — 6:2.

Bellashuv boshidanoq yuqori sur’atda boshlandi. Mehmonlar tez gol urib hisobni ochishdi: 5-daqiqada Hayotjon Mamatov aniq zarba bilan “Qo‘qon-1912”ni oldinga olib chiqdi. Biroq jamoamiz tezda javob qaytardi — 12-daqiqada Abdul Latif Maga, 23-daqiqada esa Normurod Ko‘charovning gollari hisobi tenglashtirdi va ustunlikni bizga qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda “Mash’al” yoshlari maydonda to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritdi. 51-daqiqada Farrux Toshpo‘latov, 75-daqiqada Muhammadali Boymurodov jamoamizning afzalligini oshirdi. Uchrashuv so‘nggi daqiqalarida esa “Mash’al” futbolchilari yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etishdi — Toshpo‘latov (90+5’) va Muhammadyusuf Valijonov (90+6’). Mehmonlar safidan Azizbek Ergashaliev 90+1-daqiqada gol kiritdi. “Qo‘qon-1912” futbolchisi Doniyor Mahmudjonov esa 90+5-daqiqada qizil kartochkaga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, Bahodir Murtozaev boshchiligidagi yoshlarimiz yirik hisobdagi g‘alaba bilan muxlislariga chiroyli va samarali o‘yin namoyish etishdi.

U21 chempionati, 27-tur
Mash’al U21 – Qo‘qon-1912 6:2

Gollar:

  • Mamatov (5’) — 0:1
  • Abdul Latif Abdalla Maga (12’) — 1:1
  • Normurod Ko‘charov (23’) — 2:1
  • Farrux Toshpo’latov (51’, 90+5’) — 3:1, 5:2
  • Muhammadali Boymurodov (75’) — 4:1
  • Azizbek Ergashaliev (90+1’) — 4:2
  • Muhammadyusuf Valijonov (90+6’) — 6:2

Chetlatish. Doniyor Mahmudjonov (90+5’, Qo‘qon-1912)