“Mash’al” akademiyasida yil yakuniy yig‘ilishi: tahlil, maqsad va yangi bosqichlar

25.11.2025

Muborakda joylashgan “Mash’al” futbol akademiyasida Ildar Sakaev rahbarligi ostida akademiyaning yil yakuniy hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

 Tadbirda barcha yosh toifasidagi tarbiyalanuvchilar, murabbiylar hamda akademiya ma’muriyati ishtirok etib, 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda futbolchilarning jismoniy va texnikaviy rivojlanishi, taktik tayyorgarlik darajasi, musobaqalarda namoyon etgan natijalari batafsil tahlil qilindi. Shu bilan birga, murabbiylar tomonidan qo‘llanilgan ish usullari, mashg‘ulotlar samaradorligi va kelgusi mavsum uchun takliflar muhokama etildi.

Akademiya rahbariyati 2026 yil uchun belgilangan strategik rejalarni taqdim etib, yoshlar o‘rtasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, zamonaviy trening dasturlarini joriy etish va iqtidorli futbolchilarni saralab tayyorlash ustuvor vazifalar ekanini ta’kidladi.

Shunisi e’tiborliki, Muborakdagi “Mash’al” akademiyasida klub rahbariyati tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Infratuzilma, trenajyor zallari, maydonlar va ilg‘or metodikalar yosh futbolchilarning professional o‘sishi uchun to‘liq xizmat qilmoqda.

Yig‘ilish yakunida akademiya rahbariyati va murabbiylar jamoasi bir ovozdan kelgusi yillarda ham “Mash’al” akademiyasi an’analarini davom ettiradigan, yangi Shomurodovlar darajasidagi iste’dodli futbolchilarni yetishtirish yo‘lida izchil ish olib borishini ma’lum qildi.